«Bavariya» «Lill» yarim himoyachisi Ayub Buaddiga qiziqish bildirmoqda

Aziz Karimov2 daqiqalik o'qish

«Bavariya» «Lill» yarim himoyachisi Ayub Buaddiga qiziqish bildirmoqda
«Bavariya» Leon Goretska o'rniga yangi yarim himoyachi qidirmoqda

Myunxenning «Bavariya» klubi tarkibni kuchaytirish maqsadida markaziy yarim himoyachi qidirish ishlarini boshlab yubordi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, jamoa a'zosi Leon Goretska kelasi yozgi transfer oynasida klubni tark etishi kutilmoqda. Rahbariyat ayni damda uning o'rnini egallashi mumkin bo'lgan bir necha nomzodlarni ko'rib chiqmoqda.

Asosiy nomzodlar qatorida «Bavariya»ga tegishli bo'lgan va ayni damda «Gannover»da ijara asosida to'p surayotgan 20 yoshli Noel Azeko Nikili hamda «Gerta»ning 16 yoshli iqtidorli vakili Kennet Ayxxorn bor. Shu bilan birga, mutaxassislar myunxenliklar «Lill» klubining 18 yoshli yarim himoyachisi Ayub Buaddiga bo'lgan qiziqishini qayta tiklaganini ta'kidlamoqda.

Fransiyalik transfer eksperti Abdellax Bulmaning so'zlariga ko'ra, germaniyaliklar yosh iqtidor egasini o'z safiga qo'shib olishni jiddiy rejalashtirgan. Biroq Ayub Buaddi uchun kurashda «Bavariya» yolg'iz emas.

Futbolchiga Yevropaning boshqa grand klublari, xususan, PSJ, «Arsenal» va «Manchester Yunayted» ham qiziqish bildirmoqda. Buaddi o'zining yosh bo'lishiga qaramay, «Lill» safida barcha turnirlarda 93 ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurgan.

Shundan 25 tasi yevrokuboklar bahslariga to'g'ri keladi. Shuningdek, u Fransiya yoshlar terma jamoasi sardori hisoblanadi va Fransiya chempionatida mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasiga ham nomzod sifatida ko'rsatilgan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish