
«Yuventus» hujumchisi Dushan Vlaxovich faoliyatini Germaniya chempionatida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Sky Sports nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, Myunxenning «Bavariya» klubi serbiyalik futbolchining transferiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Myunxenliklar rahbariyati agar 24 yoshli forvard Turin klubi bilan amaldagi shartnomasini uzaytirmasa, uning nomzodini ko'rib chiqishga tayyor.
Vlaxovichning «Yuventus» bilan kelishuvi 2026-yil 30-iyuniga qadar amal qiladi. Agarda tomonlar yangi bitim bo'yicha kelisha olmasa, futbolchi kelasi yili yozda erkin agentga aylanishi mumkin.
«Bavariya» Dushan Vlaxovichni jamoaning asosiy hujumchisi Harri Keynga o'rinbosar hamda ijara asosida to'p surayotgan Nikolas Jeksonning o'rnini to'ldiruvchi variant sifatida ko'rmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, Jekson ijara muddati yakunlangach, katta ehtimol bilan Londonning «Chelsi» klubiga qaytadi.
Ma'lumot uchun, joriy mavsumda Dushan Vlaxovich «Yuventus» safida barcha turnirlar doirasida 18 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U ushbu o'yinlarda 6 ta gol urishga va 2 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi.
Hozirda futbolchining transfer qiymati va kelajagi bo'yicha muzokaralar jarayoni davom etmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0