Germaniyada dizel motorlari bilan raqobatlasha oladigan vodorod dvigateli yaratildi
Germaniyalik mutaxassislar dizel dvigatellariga munosib muqobil bo'la oladigan yopiq siklli vodorodli motor texnologiyasini taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining xabar berishicha, mazkur loyiha Magdeburg shahrida joylashgan Otto fon Gerike universiteti tadqiqotchilari tomonidan ishlab chiqilgan. Yangi qurilmaning asosiy texnik o'ziga xosligi uning yopiq kontur asosida ishlashidir.
Mazkur jarayonda vodorod, kislorod va argon gazlaridan iborat maxsus aralashmadan foydalaniladi. Tizimda vodorod asosiy energiya manbai, kislorod kimyoviy reaksiya elementi, argon esa ish jarayonini barqarorlashtiruvchi vosita vazifasini o'taydi.
Mualliflarning tushuntirishicha, har bir ish sikli yakunlangach, gaz aralashmasining asosiy qismi atmosferaga chiqarib yuborilmaydi. Buning o'rniga gazlar sovutiladi, filtrlanadi va qaytadan tizimga yo'naltiriladi.
Ushbu yondashuv dvigatelning an'anaviy chiqindilarsiz ishlashini ta'minlaydi. O'tkazilgan sinovlar natijasida yangi tizimning samaradorlik ko'rsatkichi 60 foizdan oshishi aniqlandi.
Bu ko'rsatkich zamonaviy dizel qurilmalari quvvati bilan deyarli teng hisoblanadi. Mazkur texnologiyani kelajakda yuk avtomobillari, qishloq xo'jaligi texnikalari va og'ir qurilish mashinalariga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Loyiha mualliflarining xulosasiga ko'ra, yopiq tizimli dvigatellar uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy jihatdan yuqori samaradorlikka ega bo'ladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0