Britaniya dengiz konsorsiumi dunyoda ilk bor qirgʻoq elektr tarmoqlariga ulanmaydigan, mustaqil tarzda faoliyat yurituvchi suzuvchi vodorod energetika platformasining sinov jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlanganini maʼlum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining yozishicha, Hydrogen Power Hub deb nomlangan mazkur loyiha yirik kemalarni portda langar tashlagan vaqtda quruqlikdagi infratuzilmaga ehtiyoj sezmagan holda toza energiya bilan taʼminlash uchun moʻljallangan. Texnik jihatdan tizim olti burchakli shakldagi uchta modulli suzuvchi platformadan tashkil topgan boʻlib, ularning umumiy yuzasi 1200 kvadrat metrni tashkil etadi.
Majmua tarkibiga umumiy sigʻimi 45 MW·soatga teng akkumulyatorlar, 1,3 MW quvvatli yoqilgʻi elementlari, zamonaviy vodorod generatorlari hamda 146 kW quvvatli quyosh panellari kiritilgan. Gibrid tizim asosida ishlaydigan ushbu qurilma haftasiga oʻrtacha 91 MW·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Platforma ishlash jarayonida haftasiga 7,5–8 tonna vodorod sarflaydi, bu resurs esa maxsus oʻrnatilgan yetti ta modulli rezervuarda saqlanadi. Yoqilgʻi bilan taʼminlash haftasiga ikki marotaba amalga oshiriladi va bu tizimning uzluksiz faoliyat koʻrsatishiga zamin yaratadi.
Loyiha mualliflarining fikricha, mazkur avtonom arxitektura portlarni ekologik jihatdan modernizatsiya qilishdagi asosiy toʻsiq — qirgʻoq tarmoqlaridagi quvvat tanqisligi va infratuzilmani yangilashdagi texnik qiyinchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Kelgusida ushbu yechim anʼanaviy podstansiyalar qurish imkoni boʻlmagan portlar uchun samarali va muqobil energetika manbai boʻlishi kutilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0