AQShning VIVIFY Technology texnologik kompaniyasi Flying Pig deb nomlangan, quvvati 1 MVtga teng bo‘lgan mobil energiya tizimini taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com manbasiga ko‘ra, mazkur qurilma an’anaviy elektr tarmoqlaridan to‘liq mustaqil holda faoliyat yuritishga mo‘ljallangan. Tizimning modulli arxitekturasi bir nechta konteynerni yagona tarmoqqa birlashtirish hamda generatsiya quvvatini kerakli darajada oshirish imkonini beradi.
Mazkur innovatsion yechim, asosan, sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari, olis hududlardagi sanoat ob’ektlari va favqulodda vaziyatlar yuz bergan zonalardagi ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan. Flying Pig generatori kompaniyaning HOG deb ataluvchi flagman texnologik platformasi negizida ishlab chiqilgan.
Tizimning o‘ziga xos jihati uning yopiq siklda ishlashidir. An’anaviy vodorod qurilmalaridan farqli o‘laroq, ushbu tizim tashqi gaz logistikasini talab qilmaydi.
Qurilma zavod sharoitida ikki tonna suv bilan to‘ldiriladi va ichki Pulsar massivi yordamida vodorodni joyida ishlab chiqaradi. Hosil bo‘lgan vodorod ko‘p bosqichli turbinalarda yoqilib, bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi va issiqlik ajratib chiqaradi.
VIVIFY Technology ushbu jarayonni 99 foiz ekologik toza deb baholamoqda. Iqtisodiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, besh yillik ekspluatatsiya xarajatlari Flying Pig tizimini markaziy tarmoqlar yoki dizel generatorlariga qaraganda ancha foydali qiladi.
Kelgusida mazkur texnologiya koinotni o‘zlashtirish dasturlari doirasida Oy bazalarini energiya bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0