Germaniyalik olimlar quyosh nuridan vodorod oluvchi panel yaratdi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Germaniyalik olimlar quyosh nuridan vodorod oluvchi panel yaratdiGermaniyaning Karlsrue texnologiya instituti mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan Photreon kompaniyasi Hannover Messe ko'rgazmasida vodorod olishga mo'ljallangan fotoreaktor modulini namoyish etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Maydoni 1 m² bo'lgan prototip quyosh nuri yordamida suvdan bevosita vodorod ajratib olish xususiyatiga ega. Ushbu ixtiro haqida Ixbt.com nashri ma'lumot berdi.

Kompaniya asoschilaridan biri Pol Kantning ta'kidlashicha, yangi texnologiya an'anaviy ikki bosqichli jarayondan voz kechish imkonini beradi. Amaldagi usullarda quyosh energiyasi dastlab elektrga aylantirilib, so'ngra elektroliz uchun sarflanadi.

Photreon tizimi esa quyosh nuri ta'sirida kimyoviy reaksiyani darhol boshlaydi. Qurilmadagi maxsus yorug'likka sezgir materiallar energiyani yutib, elektronlarni faollashtiradi va suv molekulalarini vodorod hamda kislorodga parchalaydi.

Tizim elektr tarmog'iga ulanishni yoki alohida elektrolizator o'rnatishni talab qilmaydi, bu esa uni to'liq avtonom va sodda qiladi. Ishlab chiquvchilarning ma'lum qilishicha, ushbu panellar modulli tuzilishga ega bo'lib, ularni binolar tomiga o'rnatish yoki quyoshli hududlarda yirik vodorod fermalarini tashkil etishda qo'llash mumkin.

Texnologiya, ayniqsa, murakkab logistika xarajatlarisiz, bevosita sanoat hududida vodorodga ehtiyoj sezadigan korxonalar uchun foydalidir. Bunday yechimlar kimyo, metallurgiya, oziq-ovqat sanoati hamda elektr ta'minoti cheklangan hududlar uchun istiqbolli hisoblanadi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish