Olimlar quyosh panellarini ishlab chiqarishning yangi usulini yaratdi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish1

Olimlar quyosh panellarini ishlab chiqarishning yangi usulini yaratdiKarlsrue texnologiya instituti hamda Valensiya universiteti tadqiqotchilari quyosh batareyalarini ishlab chiqarish jarayonini optimallashtiruvchi yangi texnologiyani taqdim etdilar. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ixbt.com manbasiga ko‘ra, ushbu yondashuv yangi avlod quyosh panellarini tayyorlash tannarxini pasaytirish va ishlab chiqarish sur’atini oshirishga xizmat qiladi. Gap an’anaviy kremniy asosiga perovskit qatlami qoplanadigan tandemli quyosh elementlari haqida bormoqda.

Mazkur konstruksiya oddiy kremniy panellariga nisbatan quyosh nurini samaraliroq o‘zlashtirib, foydali ish koeffitsiyentini sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi. Olimlarning asosiy yutug‘i perovskit qatlamini shakllantirishning takomillashtirilgan vakuumli usulini ishlab chiqqanligidir.

Avvallari bunday murakkab jarayonlar ko‘p vaqt talab qilgan bo‘lsa, yangi texnologiya yordamida qatlamni hosil qilish jarayoni atigi 10 daqiqani tashkil etadi. Texnologik jarayon davomida maxsus organik moddalar vakuum muhitida bug‘lantiriladi va kremniy plastinasi yuzasiga tekis qatlam bo‘lib o‘rnashadi.

Mazkur usulning universalligi shundaki, uni turli turdagi kremniy plastinalarida uskunalarni qayta sozlashsiz qo‘llash mumkin. Bu esa sanoat miqyosidagi ishlab chiqarish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Standart kremniy panellari o‘zining nazariy samaradorlik chegarasiga yetib borgan bir pallada, ushbu yangilik quyosh energetikasi sohasida katta yutuq sifatida baholanmoqda. Bundan tashqari, ushbu metod resurslarni tejashga va ba’zi komponentlarni qayta ishlashga imkon berishi bilan ham iqtisodiy jihatdan samaralidir.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish