Xitoyning Xarbin politexnika instituti olimlari nafaqat egiluvchan, balki takroriy bukilish, cho‘zilish va buralish jarayonlarida ham barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan yangi turdagi namlik-elektr generatorini yaratishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining qayd etishicha, atrof-muhitdagi namlikni energiyaga aylantiruvchi mazkur gidrogel asosidagi qurilmalar o‘zining moslashuvchanligi sababli zamonaviy texnologiyalar, xususan, aqlli kiyimlar, tibbiy implantlar va salomatlikni nazorat qiluvchi datchiklar uchun samarali quvvat manbai sifatida baholanmoqda. Avvalgi shunga o‘xshash ishlanmalarda asosiy muammo gidrogel va elektrodlar o‘rtasidagi yopishqoqlikning pastligi edi.
Mexanik deformatsiya vaqtida qatlamlarning bir-biridan ajralishi ichki qarshilikni oshirib, qurilma samaradorligini pasaytirardi. Xitoylik muhandislar ushbu kamchilikni bartaraf etish uchun gidrogel tarkibini modifikatsiya qildilar.
Ular suv-glitserinli erituvchidan foydalanib, materialni suyuq metall va elastik kumush elektrodlar bilan uyg‘unlashtirishdi. Glitserin vodorod bog‘lanishlarini kuchaytirib, qatlamlararo yopishqoqlikni sezilarli darajada yaxshiladi va ionlar harakati uchun qulay sharoit yaratdi.
Sinovlar jarayonida prototip 0,94 V dan yuqori kuchlanish hamda 141 mkA/sm2 tok zichligini namoyon etdi. Qurilma 1040 marta cho‘zilish va 8000 marta 180 daraja burchak ostida bukilishdan so‘ng ham o‘z funksionalligini to‘liq saqlab qoldi.
Glitserin shuningdek, materialning qurib qolishi va muzlashiga qarshilikni ta’minlab, uni turli iqlim sharoitlarida ishlatish imkonini beradi. Mutaxassislar ushbu texnologiya nafas olishni nazorat qiluvchi tizimlar, yumshoq robototexnika va moslanuvchan elektronika sohalarida inqilobiy yechim bo‘lishini kutishmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0