Janubiy Koreya olimlari akkumulyatorlarning yangi avlodini ishlab chiqdi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Janubiy Koreya olimlari akkumulyatorlarning yangi avlodini ishlab chiqdiJanubiy Koreya olimlari qattiq jismli akkumulyatorlar samaradorligini oshirdi

Koreya elektrotexnika instituti tadqiqotchilari qattiq jismli akkumulyatorlarni ommalashtirishni tezlashtiradigan texnologiyani taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mutaxassislar qattiq elektrolit va elektrodlar o'rtasidagi aloqa sifatini yaxshilash maqsadida nanoolchamdagi qalay qatlamidan foydalanishni taklif qildi. Ixbt.com nashrining yozishicha, ushbu usul ichki yo'qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish hamda litiy anodining barqarorligini ta'minlash imkonini beradi.

Mazkur ishlanmaning o'ziga xos jihati shundaki, batareyalar 2 MPa miqdoridagi past bosim sharoitida ham yuqori samaradorlik bilan ishlaydi. Amaldagi qattiq jismli akkumulyatorlar odatda murakkab konstruksiya va yuqori bosim talab qiladi, bu esa qurilmalarning vazni hamda narxi oshishiga olib keladi.

O'tkazilgan sinovlar natijasiga ko'ra, yangi turdagi hujayralar 350 Vt·soat/kg dan yuqori energiya sig'imiga ega ekani aniqlandi. Bu an'anaviy litiy-ionli quvvatlagichlar ko'rsatkichidan ancha yuqori hisoblanadi.

Tajribalar davomida akkumulyatorlar 500 marta zaryadlash siklidan keyin ham o'z sig'imining 81 % dan ortiq qismini saqlab qolgan. Texnologiya litiy dendritlari o'sishini to'xtatish va materiallar chegarasidagi qarshilikni kamaytirish tamoyili asosida ishlaydi.

Qalay qatlami ionlar harakati uchun qulay sharoit yaratib, litiyni parchalanishdan himoya qiladi. Tadqiqot mualliflari ushbu yangilikdan kelajakda elektromobillar, robototexnika hamda energiya saqlash tizimlarida keng foydalanish mumkinligini ta'kidlamoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish