Xitoyning Yanszyan shahri yaqinidagi dengiz hududiga dunyodagi eng yirik offshor o‘zgartirish stansiyasi yetkazib berildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining ma’lum qilishicha, Haifeng Heart deb nomlangan hamda 2 gigavatt quvvatga ega mazkur platforma ikkita yirik dengiz shamol elektr stansiyasini mamlakat umumiy energiya tizimi bilan birlashtiruvchi asosiy bo‘g‘in vazifasini o‘taydi. Ushbu muhandislik inshooti og‘ir sanoat texnikalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Shanghai Zhenhua Heavy Industries kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan va qurib bitkazilgan.
Nantun shahridan yo‘lga chiqqan kema platformani belgilangan hududga yetkazib berdi, ayni paytda inshootni o‘rnatish jarayoni amalga oshirilmoqda. Majmua to‘liq ishga tushgach, tarmoqqa yiliga qariyb 6 milliard kilovatt-soat hajmidagi qayta tiklanuvchi elektr energiyasini yetkazib berish rejalashtirilgan.
Konstruksiyaning o‘lchamlari va vazni o‘z sohasida rekord darajadadir: uning balandligi 44 metrni, uzunligi 85,5 metrni, kengligi esa 82,5 metrni tashkil etadi, umumiy og‘irligi esa 25 000 tonnaga teng. Loyiha doirasida qirg‘oqda yig‘ish hamda murakkab uskunalarni integratsiya qilish kabi ilg‘or texnologik usullar qo‘llanilgan.
ZPMC vakili Yan Bingning ta’kidlashicha, ushbu loyiha orqali sohada oltita muhim xalqaro ko‘rsatkich yangilangan. Stansiyaning asosiy vazifasi shamol turbinalari hosil qilgan o‘zgaruvchan tokni o‘zgarmas tokka aylantirishdan iborat.
Bu jarayon suv osti kabellari orqali elektr energiyasini uzatishdagi yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytiradi va qirg‘oqdan 100 kilometrdan ortiq masofada joylashgan shamol resurslaridan samarali foydalanishga zamin yaratadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0