Sankt-Peterburgda O'zbekiston fuqarosi qotillikda gumonlanmoqda
Rossiyaning Leningrad viloyatida 45 yoshli erkakning o'limiga sababchi bo'lganlikda gumon qilingan 31 yoshli O'zbekiston fuqarosi qo'lga olindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi bergan ma'lumotga ko'ra, hodisa 25 aprel kuni kechki vaqtda Sverdlov nomidagi posyolkada yuz bergan. Dastlabki surishtiruv natijalariga ko'ra, ikki erkak o'rtasida kelib chiqqan o'zaro nizo mushtlashuvga aylangan.
To'qnashuvdan so'ng ishtirokchilardan biri voqea joyidan yashiringan, ikkinchi erkak esa yerda harakatsiz qolgan. Guvohlar chaqiruviga binoan kelgan tez tibbiy yordam xodimlari jabrlanuvchining vafot etganini qayd etgan.
Huquq-tartibot organlari marhumning shaxsini aniqladi. U Tver viloyatida istiqomat qilgan 45 yoshli fuqaro bo'lib, uning o'ng chakka qismida og'ir jarohat belgilari topilgan.
Mutaxassislar ushbu zarba o'limga olib kelgan asosiy omil bo'lganini taxmin qilmoqda. Mojaro shaxsiy munosabatlar, xususan, ayol kishi ustida kelib chiqqan kelishmovchilik tufayli sodir bo'lgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan ehtiyotsizlik oqibatida o'limga sabab bo'lgan og'ir tan jarohati yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Gumonlanuvchi Sverdlov posyolkasidagi 1-mikrorayon hududida qo'lga olindi.
Ma'lum qilinishicha, 31 yoshli O'zbekiston fuqarosi rasmiy ish joyiga ega bo'lmagan. Hozirda tergov organlari voqeaning barcha tafsilotlarini o'rganishda davom etmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0