Hindistonda erkak bankdan pul olish uchun singlisining skeletini olib keldi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Hindistonda erkak bankdan pul olish uchun singlisining skeletini olib keldiHindistonda erkak vafot etgan singlisining bank hisobidagi mablag'ni olish uchun uning qoldiqlarini bank binosiga olib keldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

"India Today" nashri xabariga ko'ra, voqea Dianali qishlog'ida yuz bergan. 50 yoshli Jitu Munda 2026 yil 26 yanvarda vafot etgan 56 yoshli opasi Kalra Mundaning hisob raqamidan 20 ming rupiya (taxminan 211 AQSh dollari) miqdoridagi pulni yechib olishga harakat qilgan.

Marhuma o'zidan keyin rasmiy merosxo'r qoldirmagani sababli, ushbu mablag' qonun bo'yicha uning akasiga tegishli edi. Biroq "Odisha Gramin" banki xodimlari mijozdan o'lim haqidagi guvohnoma yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilgan.

Huquqiy bilimi yetarli bo'lmagan Munda bank xodimlarining "hisob egasi kelishi shart" degan talabini so'zma-so'z tushungan. U singlisining vafotini isbotlash uchun qabrni kavlab, marhumaning skeletini bankka olib borgan.

Erkak o'z harakatini bank xodimlari uning so'zlariga ishonmagani va mablag'ni berishdan bosh tortgani bilan izohladi. Mazkur holatdan so'ng huquq-tartibot idoralari vaziyatga aralashdi.

Politsiya xodimlari erkakka merosni qonuniy rasmiylashtirishda ko'maklashishini bildirdi va suyaklarning qayta dafn etilishini nazoratga oldi. Mahalliy hokimiyat vakillari bank rahbariyatidan masalani qisqa muddatda hal etish va mablag'ni to'lab berishni talab qildi.

Ushbu voqea hududda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish zarurligini ko'rsatdi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish