Isroilda yahudiy yozuvchisi Falastin bayrog'i tushirilgan kipa kiygani uchun ushlandi
Isroilda 20 aprel kuni Tel-Aviv yaqinidagi Modiin shahrida g'ayrioddiy hodisa qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Isroil va Falastin bayroqlari tasvirlangan kipa kiygan 53 yoshli yozuvchi, Quddus yahudiy universiteti o'qituvchisi Aleks Sinkler politsiya tomonidan qo'lga olindi. CNN nashrining yozishicha, voqea Sinkler qahvaxonalardan birida ishlab o'tirgan vaqtda yuz bergan.
Atrofdagilardan biri uning bosh kiyimini "qonunga zid" deb hisoblab, politsiya chaqirgan. Voqea joyiga kelgan tartib xodimlari Sinklerning bosh kiyimini musodara qilib, o'zini politsiya bo'limiga olib ketgan.
Yozuvchining so'zlariga ko'ra, u yerda tintuv qilingan va ma'lum muddat kamerada saqlangan. Sinkler ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida politsiya xodimlari uning kipasini qaytarib berishdan bosh tortgani, yakunda esa bosh kiyimdagi Falastin bayrog'i kesib tashlangan holda qaytarilganini ma'lum qildi.
Isroil qonunchiligiga ko'ra, Falastin bayrog'ini namoyish etish to'g'ridan-to'g'ri taqiqlanmagan. Biroq jamoat tartibiga tahdid mavjud deb topilsa, rasmiylar cheklov qo'llashi mumkin.
2023 yil yanvar oyida milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir politsiyaga bu kabi bayroqlarni olib tashlash bo'yicha ko'rsatma bergan edi. Sinkler o'zining ham sionist, ham inson huquqlari himoyachisi ekanini ta'kidlab, politsiya harakatlari ustidan shikoyat kiritdi.
U keltirilgan zarar uchun tovon puli talab qilmoqda va kelgusida ham ramziy ma'noga ega ushbu bosh kiyimni kiyishda davom etishini bildirdi. Politsiya Sinkler ushlanganini tasdiqlagan bo'lsa-da, kipa kesilgani borasidagi da'volarga izoh bermadi.