Ozarbayjonda Iosif Stalin saqlangan tarixiy «Zindon qal’asi» qayta ta’mirlanmoqda
Ozarbayjonning Lenkoran shahrida joylashgan va tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan «Zindon qal’asi» me’moriy yodgorligida rekonstruksiya ishlari boshlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bu haqda «Oxu.az» nashri e’lon qildi. Mazkur inshoot SSSRni qariyb 30 yil davomida boshqargan Iosif Stalin hibsda saqlangan joy sifatida tanilgan.
Qayta ta’mirlash jarayoni Ozarbayjon Madaniyat vazirligi buyurtmasiga ko’ra, madaniy merosni muhofaza qilish xizmati nazorati ostida olib borilmoqda. Binoning tom qismi bir necha yil avval qulab tushgani va inshoot yaroqsiz holatga kelib qolgani ushbu ta’mirlash ishlariga asosiy sabab bo’lgan.
Tarixiy obidaning balandligi 20 metr, diametri esa 72 metrni tashkil etadi. Inshoot 1869-1959 yillar davomida qamoqxona sifatida foydalanilgan va aynan shu davrda «Zindon qal’asi» nomini olgan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, XX asr boshlarida Iosif Stalin hukumat mablag’larini tashiydigan poyezdga hujum qilishda ayblanib, ushbu joyda hibsda saqlangan. Keyinchalik u safdoshlari ko’magi bilan qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo’lgan.
Qamoqxona binosi 140 kishiga mo’ljallangan bo’lishiga qaramay, ma’lum muddatlarda u yerda 310 nafargacha mahbus saqlangani aytiladi. Mahbuslar qal’aga maxsus yerosti yo’li orqali olib kirilgan, biroq keyinchalik ushbu yo’lni suv bosgan va u foydalanishga yaroqsiz bo’lib qolgan.
Binodan 1970-1990 yillar oralig’ida tikuv fabrikasi sifatida ham foydalanilgani ma’lum.