Kolumbiyada yangi ko'prik ochilish marosimi vaqtida qulab tushdi
Janubiy Amerikaning Kolumbiya davlati Choko departamentiga qarashli Bagado munitsipalitetida favqulodda holat qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Need To Know nashri xabariga ko'ra, 19 aprel kuni foydalanishga topshirilishi kerak bo'lgan yangi ko'prik tantanali marosim vaqtida daryoga qulagan. Uzunligi 85 metrni tashkil etuvchi mazkur piyodalar o'tish yo'lagi shahar markazini San-Marino qishlog'i bilan bog'lashi rejalashtirilgan edi.
Guvohlarning so'zlariga ko'ra, shahar ma'muriyati rahbarlari va mahalliy aholi vakillari inshoot bo'ylab harakatlanishni boshlaganida, konstruksiya kuchli tebrana boshlagan. Ko'p o'tmay, ko'prikni tutib turuvchi po'lat arqonlar uzilib ketgan va barcha piyodalar suvga tushib ketgan.
Hodisa oqibatida sakkiz kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi, ulardan uch nafari shifoxonaga joylashtirildi. Rasmiylar voqea natijasida halok bo'lganlar yo'qligini tasdiqladi.
Munitsipalitet meri Serna yuz bergan hodisadan so'ng bayonot berib, qurilish jarayonida sifat masalasi qat'iy talab qilinganini bildirdi. U o'zining muhandislik sohasida mutaxassis emasligini, biroq mas'ullardan mustahkam inshoot kutganini ta'kidladi.
Hozirda maxsus komissiya ko'prikning qulash sabablarini o'rganmoqda. Dastlabki taxminlarga ko'ra, konstruksiya bir vaqtning o'zida ko'p sonli odamlar to'planishidan hosil bo'lgan og'irlikni ko'tara olmagan.
Tergov jarayoniga loyihani amalga oshirgan qurilish kompaniyasi ham jalb etilgan.