Janubiy Sudanda yo'lovchi samolyoti halokatga uchradi
Janubiy Sudanda yo'lovchi samolyoti qulashi oqibatida bortdagi barcha 14 kishi hayotdan ko'z yumdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mamlakat Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi xabariga ko'ra, aviahalokat poytaxt Juba shahri yaqinida qayd etilgan. CityLink Aviation aviakompaniyasiga qarashli Cessna 208 Caravan samolyoti Yey shahridan Jubaga parvoz qilayotgan edi.
Havo kemasi parvoz boshlanganidan taxminan 30 daqiqa o'tgach aloqaga chiqmay qo'ygan va poytaxtdan 20 km uzoqlikda yerga qulagan. Samolyot bortida jami 13 nafar yo'lovchi va bir nafar uchuvchi bo'lgan.
Halok bo'lganlarning 12 nafari Janubiy Sudan, ikki nafari esa Keniya fuqarolari ekani aniqlangan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, hodisa oqibatida omon qolganlar yo'q.
Mutaxassislarning dastlabki taxminlariga ko'ra, fojiaga noqulay ob-havo sharoiti va ko'rinish darajasining pastligi sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. Hozirda halokat yuz bergan hududda qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.
Maxsus komissiya voqea tafsilotlarini o'rganishga kirishgan.