Qozog'istonda fuqaro texnik xatolik sababli vafot etganlar ro'yxatiga kiritildi
Qozog'istonning Qostanay viloyatida istiqomat qiluvchi Vladimir Shremf kutilmagan huquqiy muammoga duch keldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Tizimdagi texnik xatolik oqibatida ushbu shaxs rasmiy ma'lumotlar bazasida vafot etgan shaxs sifatida qayd etilgan. "31.kz" nashri bergan xabarga ko'ra, g'ayrioddiy vaziyat Shremf o'z onasining vafoti bilan bog'liq hujjatlarni rasmiylashtirayotgan vaqtda yuzaga kelgan.
Tibbiyot xodimi ma'lumotlarni kiritishda xatoga yo'l qo'ygan, natijada erkakning shaxsiy identifikatsiya raqami marhumlar ro'yxatiga tushib qolgan. Mazkur xatolik fuqaroning kundalik hayotini butunlay falaj holatiga keltirdi.
Bir necha kun davomida Vladimir Shremf rasmiy hujjatlarda "mavjud bo'lmagan" shaxs sifatida ko'rindi. Oqibatda uning haydovchilik guvohnomasi bekor qilindi, u avtomobil boshqarish huquqidan ayrildi va ishga joylashish imkoniyatidan mahrum bo'ldi.
Shuningdek, bank hisob raqamlari bloklanishi sababli har qanday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish to'xtab qoldi. Davlat idoralari Shremfning arizalarini qabul qilmadi, chunki yagona elektron tizimda u tirik shaxs sifatida ko'rsatilmagan.
"Men hech qanday masalani hal qila olmadim. Hamma joyda o'zimning tirik ekanimni isbotlashimga to'g'ri keldi", — deydi Vladimir Shremf yuzaga kelgan murakkab vaziyat haqida.
Oradan 9 kun o'tgach, tizimdagi xatolik bartaraf etildi va fuqaroning huquqiy maqomi rasman tiklandi. Bugungi kunda Vladimir Shremf ushbu hodisa tufayli ko'rilgan moddiy va ma'naviy zararni undirish maqsadida sudga da'vo arizasi kiritishga tayyorgarlik ko'rmoqda.
Tibbiyot muassasasi ma'muriyati xatolik aniqlangan zahoti tuzatilganini bildirdi. Mazkur kamchilikka yo'l qo'ygan xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo'llanilgani ma'lum qilindi.