Shveysariya Federal jinoyat sudi Gulnora Karimovaga nisbatan qo'zg'atilgan ko'p yillik jinoiy ishni tugatish to'g'risida qaror qabul qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bellintsona shahrida bo'lib o'tgan sud majlisida jarayonni davom ettirishga monelik qiluvchi huquqiy to'siqlar mavjudligi e'lon qilindi. Shveysariya milliy telekanali bergan ma'lumotga ko'ra, sud ayblanuvchining jarayonda shaxsan qatnashish imkoniyati yo'qligini asosiy sabab sifatida ko'rsatgan.
Karimova 2014 yildan buyon O'zbekistonda hibsda saqlanayotgani va uning mamlakatdan chiqishiga ruxsat berilmagani bois, sud ushbu holatni "obyektiv imkoniyatsizlik" deb baholadi. Shuningdek, 2028 yilga borib da'vo muddati yakunlanishi ham ishning yopilishiga ta'sir ko'rsatgan.
Agar ayblanuvchi 2028 yilda ozodlikka chiqsa, Shveysariya qonunchiligiga ko'ra unga nisbatan huquqiy choralar ko'rish muddati o'z kuchini yo'qotgan bo'ladi. Karimovaning advokatlari Greguar Manja, Fanni Margayra va Romen Vavr ushbu qarorni g'alaba sifatida baholadi.
Himoyachilarning fikricha, ayblanuvchi ishtirokisiz hukm chiqarish mumkin emasligining tan olinishi amalda oqlovga tengdir. Mazkur jinoiy ish 2012 yilda boshlangan bo'lib, prokuratura Karimovani jinoiy guruh tuzish, xalqaro telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora olish va pul yuvishda ayblagan edi.
Tergov materiallari 2023 yilning kuzida sudga taqdim etilgan bo'lsa-da, protsessual sabablarga ko'ra xalqaro miqyosdagi ushbu yirik ish yopildi.