Turkiyada model va tarjimon Irmoq O'ztosh novvoyxonada ish boshladi
Turkiyada go'zallik tanlovlari g'olibasi, model va tarjimon Irmoq O'ztosh novvoyxonada faoliyat yuritayotgani jamoatchilik e'tiborini tortdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ushbu ma'lumotni Odatv nashri taqdim etdi. O'ztosh 2022 yilda "Best Model" milliy tanlovida "Janubi-Sharqiy Anadoluning eng yaxshi modeli" unvonini qo'lga kiritgan.
Shuningdek, u Janubiy Koreyada tashkil etilgan "World Miss University" tanlovida ham qatnashgan. Model aktyorlik va modellik sohasida muvaffaqiyatga erishish maqsadida Istanbulga ko'chib o'tgan, biroq u yerda munosib ish topa olmaganidan so'ng o'zi tug'ilib o'sgan Izmir shahriga qaytgan.
Izmir iqtisodiyot universitetining tarjimonlik yo'nalishini tamomlagan mutaxassis yetti oy davomida o'z sohasida ish qidirgan, biroq natija chiqmagan. O'ztosh shu vaqtga qadar ingliz tilidan turk tiliga ikki kitob va bitta hujjatli filmni tarjima qilganini ma'lum qildi.
Uning qayd etishicha, sun'iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi ayrim sohalarda ish topish jarayonini murakkablashtirmoqda. Barqaror daromad manbaiga ega bo'lish maqsadida u novvoyxonada ishlashga qaror qildi.
Irmoq O'ztosh o'z tanlovi haqida shunday deydi: «Aktyorlik mahoratini o'rganmoqchi edim, lekin otam avval o'qishni bitirishni maslahat bergan edi. Hozir esa o'z mehnatim bilan non topyapman».
Uning tanishi ham aktyorlik orzusida Istanbulga borgani, biroq hozirda novvoyxonada mehnat qilayotgani aytilmoqda. Ushbu voqea Turkiyadagi mehnat bozori va yosh mutaxassislar bandligi masalasini yana bir bor dolzarblashtirdi.