Xitoy sudi xodimni sun'iy intellekt bilan almashtirishni taqiqladi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Xitoy sudi xodimni sun'iy intellekt bilan almashtirishni taqiqladiXanchjou sudi sun'iy intellekt sabab xodimlarni ishdan bo'shatishni taqiqladi

Xitoyning Xanchjou shahri sudi kompaniyalarga xodimlarni faqatgina ularning vazifasini sun'iy intellekt bajara olishi vaji bilan ishdan bo'shatishni man etuvchi qaror chiqardi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ushbu huquqiy hujjat haqida Ixbt.com nashri mahalliy OAV ma'lumotlariga tayanib xabar berdi. Sud hujjatlariga ko'ra, Chjou ismli fuqaro onlayn kompaniyada sun'iy intellekt tizimi qaytaradigan javoblar sifatini nazorat qilish bo'limida faoliyat yuritgan.

Uning oylik ish haqi 25 ming yuanni tashkil qilgan. Vaqt o'tishi bilan ish beruvchi texnologik taraqqiyot tufayli mazkur shtat birligiga ehtiyoj qolmaganini vaj qilib, xodimga 15 ming yuan maosh to'lanadigan boshqa lavozimni taklif etgan.

Chjou ushbu taklifga rozi bo'lmagach, kompaniya u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bir tomonlama bekor qilgan. Xanchjou sudi mazkur holatni o'rganib chiqib, ishdan bo'shatish jarayonini noqonuniy deb topdi.

Sud qarorida qayd etilishicha, biznes jarayonlarining sun'iy intellektga o'tkazilishi amaldagi mehnat shartnomasini bajarib bo'lmaydigan holat sifatida baholashga asos bo'la olmaydi. Shuningdek, xodimga daromad miqdori sezilarli darajada kam bo'lgan ish o'rnini taklif etish adolatli o'tkazma hisoblanmasligi ta'kidlandi.

Sud organlari kompaniyalarning yangi texnologiyalarni joriy etish huquqini e'tirof etgan holda, bu jarayonda xodimlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish majburiyatini eslatib o'tdi. Avvalroq Pekin sudi ham xuddi shunday mazmundagi nizoli vaziyatda xodimning foydasiga qaror chiqargan edi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish