
"Meta" texnologiya kompaniyasi o'z xodimlarining taxminan 10 foizini, ya'ni 8 ming nafar odamni ishdan bo'shatishga qaror qildi. Xorijiy OAV xabar berganidek, bu kompaniyaning sun'iy intellekt texnologiyalariga katta investitsiyalar kiritishi bilan bog'liq. "Facebook", "Instagram" va "WhatsApp" kabi mashhur ijtimoiy tarmoqlarga ega bo'lgan "Meta" rahbari bu haqda xodimlarga ma'lumot berdi.
Kompaniya tomonidan rejalashtirilgan qisqartirishlar bilan birga, avvalroq e'lon qilingan bir necha mingta yangi ish o'rinlari ham bekor qilinmoqda. "Meta"ning bu qadamiga asosiy sabab sun'iy intellektni rivojlantirishga yo'naltiradigan ulkan mablag'lar hisoblanadi. Joriy yil davomida ushbu soha uchun 135 milliard dollar mablag' ajratilishi kutilmoqda.
Kompaniya asoschisi Mark Tsukerberg sun'iy intellekt xodimlarning ish unumdorligini sezilarli darajada oshirganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, hozirda bir kishi ilgari katta jamoa ishtirokida amalga oshirilgan loyihalarni osonlikcha bajarishi mumkin. Tsukerberg 2026 yilga kelib sun'iy intellekt ish jarayonlarida tub o'zgarishlar yuzaga kelishini kutmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, "Meta" 2022 yildan buyon o'n minglab xodimlarini qisqartirib kelmoqda. Bunday tendensiya texnologiya sohasidagi boshqa yirik kompaniyalarda ham kuzatilmoqda. Masalan, "Amazon" 30 mingdan ortiq, "Oracle" esa 10 mingdan ziyod xodimini ishdan bo'shatgan. "Microsoft" ham o'z xodimlarga ixtiyoriy ravishda ishdan ketish imkoniyatini taqdim etgan.