
Bir hafta avval Viktoriya Bonya tomonidan Vladimir Putinga yo'llangan videomurojaat qisqa vaqt ichida Rossiya mediamakonida katta rezonans keltirib chiqardi. Bir qarashda bu oddiy bloger chiqishiga o'xshashi mumkin, ammo voqealar rivoji bu masalaning ancha chuqur qatlamlarga ega ekanini ko'rsatdi. Bonya fenomeni: shou-biznesdan siyosiy maydonga Bonya 2000-yillar o'rtasida Dom-2 orqali tanilgan, keyin esa ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriya to'plagan shaxs sifatida shakllangan. Bugun u Monakoda yashasa-da, uning millionlab kuzatuvchilari bor va u media maydonda faol ta'sirga ega figura hisoblanadi. Biroq uning imiji faqat bloger yoki shoumen bilan cheklanmaydi. U bir necha marta konspirologik nazariyalar, jumladan pandemiya davridagi 5G va vaktsina haqidagi bahsli fikrlarni ilgari surgani bilan ham tanilgan. Bu esa uning jamoatchilikdagi qabul qilinishiga ikki xil qarashni shakllantirgan: bir tomon uni mustaqil fikrli inflyuyenser deb bilsa, boshqalar uni populist va ishonchsiz manba sifatida ko'radi. Murojaat mazmuni: qo'rquv va «devor» haqidagi tezis Bonya o'z murojaatida jamiyatdagi asosiy muammo sifatida qo'rquv muhitini ko'rsatdi. Uning ta'kidlashicha, nafaqat oddiy fuqarolar, balki blogerlar, artistlar va hatto amaldorlar ham prezidentdan cho'chiydi. U bu holatni noto'g'ri deb baholab, «xalq va prezident o'rtasida devor paydo bo'lgani»ni aytdi. «Vladimir Vladimirovich, sizdan qo'rqishadi. Xalq sizdan qo'rqadi, blogerlar, artistlar qo'rqadi, gubernatorlar sizdan qo'rqadi. Siz esa mamlakatimiz prezidentisiz. Biz qo'rqishimiz kerak emas deb o'ylayman», – degandi bloger. Shu bilan birga, u mamlakatdagi qator muammolar — tabiiy ofatlar, ekologik muammolar, iqtisodiy qiyinchiliklar va internet cheklovlari haqida gapirib, bu ma'lumotlar yuqori darajaga to'liq yetkazilmayotganini ilgari surdi. Muhimi, Bonya o'z chiqishida prezidentni tanqid qilish bilan birga, uni kuchli siyosatchi sifatida qo'llab-quvvatlashini ham ta'kidladi. Bu ikkiyoqlama pozitsiya uning murojaatini yanada murakkab va bahsli qildi. Kreml reaktsiyasi: ehtiyotkor va diplomatik yondashuv Dmitriy Peskov bu masalaga javob berar ekan, murojaatda ko'tarilgan mavzular inkor etilmaganini, aksincha ular bo'yicha ishlar olib borilayotganini bildirdi. Bu reaktsiya keskin emas, balki vazmin va diplomatik xarakterga ega bo'ldi. «Ushbu murojaat muallifining ushbu masalalarni katta qiziqish bilan qayd etgani – ha, haqiqatan ham, bular juda shov-shuvli mavzular, ammo adolat yuzasidan aytadigan bo'lsak, ular bo'yicha katta ishlar olib borilmoqda, ko'p sonli odamlar jalb etilgan va bularning barchasi e'tibordan chetda qolmagan», – degan Peskov. Shu bilan birga, Bonyaning o'zi ham Kremlning javobini ijobiy qabul qilib, minnatdorchilik bildirgani vaziyatni yanada qiziqarli tusga kiritdi. U o'z chiqishini buyurtma emas, balki shaxsiy pozitsiya sifatida ta'rifladi va buni «qadriyatlar» bilan bog'ladi. Media va blogerlar hujumi: axborot maydonidagi bosim Rasmiy reaktsiya nisbatan muloyim bo'lganiga qaramay, Kremlga yaqin media va blogerlar Bonyaga nisbatan keskin tanqidlar yo'naltirdi. Jumladan, Vladimir Solovyov uning eng faol tanqidchisiga aylandi. U Bonyani tashqi kuchlar ta'sirida harakat qiluvchi shaxs sifatida tasvirlab, hatto huquqiy baholash masalasini ko'tardi. Boshqa blogerlar va siyosatchilar ham uni «sotilgan», «savodsiz» yoki «siyosiy o'yin quroli» sifatida talqin qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa botlar orqali ommaviy izohlar yozilgani haqida ma'lumotlar tarqaldi. Bu holat axborot urushi elementlarini ham ko'rsatib berdi. Bonya javobi: qarshi hujum va sud tahdidi Bonya bu tanqidlarga javobsiz qolmadi. U Vladimir Solovyov va boshqa tanqidchilarga qarshi sudga murojaat qilish niyatini bildirdi. Shuningdek, u ayollarga nisbatan efirlarda aytilgan haqoratlarni tanqid qilib, buni «an'anaviy qadriyatlar»ga zid deb atadi. Uning chiqishlari emotsional tus oldi — hatto ko'z yoshlari bilan qilingan videolar ham jamoatchilikka ta'sir qildi. Keyinchalik u sun'iy intellekt yordamida tayyorlangan videolar orqali o'zini «kurashuvchi» obrazda ko'rsatishga urindi. «Jonimga tegdi», – deydi Bonya videoda. Xalqaro e'tibor: signal yoki tasodif? Bonyaning murojaati nafaqat Rossiyada, balki xalqaro OAVda ham yoritildi. BBC, CNN va The Guardian kabi nashrlar bu voqeani Rossiya jamiyatidagi kayfiyat o'zgarishlari bilan bog'ladi. Ayrim ekspertlar fikricha, Bonyaning chiqishi yangi auditoriyani siyosiy muhokamalarga jalb qilmoqda. Bu esa an'anaviy muxolifat doirasidan tashqaridagi ijtimoiy qatlamlarni ham faollashtirishi mumkin. «Bonya muxolifat lageriga ilgari u yerda bo'lmagan mutlaqo yangi auditoriyani jalb qilmoqda», – deya siyosatshunos va Putinning sobiq spichrayteri Abbas Gallyamovning so'zlarini keltiradi The Guardian. Bonya G'arbdagi va muxolifatchi nashrlarga ham javob qaytardi. Kremlning munosabatidan keyin yozgan videosida u o'zi haqidagi materiallarni BBC va «Dojd» nashrlarida ko'rganini aytib, muxolifatni nazarda tutgan holda o'zini «bunga aralashtirmaslik»ni so'radi. «Meni u yerga aralashtirmang, iltimos, men sizlar bilan emasman, men – xalq bilanman, men – xalq ichidaman», – degan Bonya. Xulosa: inflyuyenserlar davrida siyosatning yangi yuzi Bu voqea oddiy bloger chiqishi emas, balki zamonaviy axborot makonida inflyuyenserlar qanday rol o'ynayotganini ko'rsatadigan keysdir. Bonya siyosiy aktor emas, ammo uning auditoriyasi va ta'siri uni de-fakto jamoat fikri ishtirokchisiga aylantirmoqda. Shu bilan birga, bu holat davlat, media va jamoatchilik o'rtasidagi munosabatlar qanchalik nozik ekanini ham ochib berdi. Bir videomurojaat ortidan yuzaga kelgan reaktsiyalar zanjiri shuni ko'rsatadiki, axborot asrida har bir so'z katta siyosiy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qisqasi, bu hikoya hali tugamagan serialga o'xshaydi. Eng qizig'i — keyingi seriyalarda nima bo'lishini hech kim aniq bilmaydi. Shuhrat Razzakov «UZ.NEWS» muharriri + UZ.NEWS saytini Googlega qo'shing Ctrl Enter Xato topdingizmi? Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Yoqdi 0 Yoqmadi 0
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0