Zyuganov Kremlni blogerlarga ortiqcha e'tibor qaratishda aybladi
Rossiya Kommunistik partiyasi yetakchisi Gennadiy Zyuganov Davlat Dumasi yig'ilishida Kreml ma'muriyatining ish uslubini keskin tanqid qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Siyosatchi hukumatning ustuvorliklarini shubha ostiga olib, deputatlar murojaatlari e'tiborsiz qolayotgan bir paytda, blogerlar masalasi tezkorlik bilan ko'rib chiqilayotganidan norozilik bildirdi. Zyuganovning ta'kidlashicha, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayni paytda Monakoda yashayotgan bloger Viktoriya Bonyaning bayonotlariga darhol munosabat bildirgan.
Shu bilan birga, Kommunistik partiya tomonidan yillar davomida ko'tarib kelinayotgan Anapa ekologiyasi, Dog'iston va Chechenistonni rivojlantirish kabi tizimli muammolar javobsiz qolmoqda. Siyosatchi mamlakatning iqtisodiy istiqboliga ham to'xtalib, 2026 yil uchun salbiy prognozlarini e'lon qildi.
Uning qayd etishicha, 2026 yilning birinchi choragida iqtisodiy ko'rsatkichlar pasayishi kutilmoqda. Zyuganov ushbu vaziyatni 1917 yilgi inqilobdan oldingi holatga qiyoslab, moliyaviy islohotlar o'tkazilmasa, kuzga borib ijtimoiy portlash yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Peskov bloger Bonyaning murojaati ko'rib chiqilganini tasdiqlagan bo'lsa-da, Zyuganov bunday yondashuvni davlat boshqaruvidagi jiddiy xato deb hisoblamoqda. KPRF rahbari hukumatni muxolifat bilan hamkorlik qilishga va tarixiy xatolarni takrorlamaslikka chaqirdi.