Ukraina dronlari Primorsk portidagi neft ob'ektiga zarba berdi

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

Ukraina dronlari Primorsk portidagi neft ob'ektiga zarba berdiLeningrad viloyatidagi Primorsk portiga dronlar hujum qildi

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududidagi strategik neft ob'ektlariga zarba berishda davom etmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Tuapse va Permdagi amaliyotlardan so'ng, navbatdagi hujum Baltik dengizi sohilidagi yirik neft quyish punkti — Primorsk portiga qaratildi. 3-mayga o'tar kechasi Leningrad viloyati ommaviy dronlar hujumiga uchradi.

Viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko havo hujumidan mudofaa vositalari yordamida 60 dan ortiq uchuvchisiz apparat yo'q qilinganini bildirdi. Drozdenkoning so'zlariga ko'ra, asosiy nishon aynan Primorsk dengiz savdo porti bo'lgan.

Hujumni qaytarish vaqtida port hududida yong'in boshlangan. Rasmiy manbalar yong'in qisman o'chirilgani va neft mahsulotlari to'kilmaganini qayd etgan bo'lsa-da, FIRMS xalqaro monitoring xizmati hududda alangalanish belgilari saqlanib qolayotganini aniqladi.

"Astra" nashri portdagi neft quyish prichali va "Pansir" havo hujumidan mudofaa majmuasi shikastlangan bo'lishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Tungi hodisalar Sankt-Peterburg shahrida ham sezilgan.

Mahalliy nashrlar shaharda kuchli portlash ovozlari eshitilgani va mobil internetda uzilishlar bo'lganini ma'lum qildi. Xavfsizlik choralari sababli Pulkovo aeroporti ishini vaqtincha to'xtatdi, bu esa o'nlab reyslar kechikishiga sabab bo'ldi.

Rossiya Mudofaa vazirligi hisobotiga ko'ra, bir kechada mamlakatning 15 ta hududi va Qrim osmonida jami 334 ta dron urib tushirilgan. Moskva viloyatida bir nafar katta yoshdagi fuqaro halok bo'ldi, Smolensk viloyatida esa uch kishi jarohatlandi.

Ukraina mart oyi oxiridan buyon Rossiya g'arbidagi strategik eksport punktlari — Ust-Luga va Primorskka bosimni oshirmoqda. Primorsk porti kuniga bir million barreldan ortiq neft yuklash quvvatiga ega bo'lib, 2025-yilda u yerda 64 mln tonna yuk aylanmasi qayd etilgan.

Hujumlar ortidan har ikki port faoliyati vaqtincha cheklandi. Viloyat rahbariyati mintaqa amalda harbiy harakatlar zonasiga yaqinlashib borayotganini tan oldi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish