Ho'rmuz bo'g'ozida keskinlik: BAA tankeri hujumga uchradi va AQSh kemasi bilan bog'liq ziddiyat yuzaga keldi
Yaqin Sharq mintaqasining strategik nuqtasi hisoblangan Ho'rmuz bo'g'ozida geosiyosiy vaziyat og'irlashmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Birlashgan Arab Amirliklariga tegishli tankerning dronlar yordamida nishonga olinishi va AQSh harbiy kemasi ishtirokidagi hodisalar global xavfsizlikka doir xavotirlarni kuchaytirdi. BAA Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, ADNOC kompaniyasiga qarashli tankerga ikkita dron zarba bergan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Rasmiy Abu-Dabi ushbu harakatni xalqaro huquq me'yorlari va dengizda harakatlanish erkinligining buzilishi deb baholadi.
BAA tomoni Eronni tijorat kemalariga tajovuz qilishda hamda jahon energetika xavfsizligiga tahdid solishda ayblab, Tehronga norozilik bildirdi. Eron tomonidan tarqatilgan xabarlarda esa Ho'rmuz bo'g'ozi orqali AQSh kemalarining o'tishi taqiqlangani, boshqa davlatlar transportlari faqat ruxsat asosida harakatlanishi mumkinligi aytilmoqda.
Shuningdek, Tehron OAVlari Jask shahri yaqinida AQSh harbiy-dengiz kuchlari fregatiga ikkita raketa zarbasi berilganini da'vo qildi. Eron tomoniga ko'ra, kema ogohlantirishga amal qilmagani uchun nishonga olingan va ortga chekinishga majbur qilingan.
AQSh armiyasi Markaziy qo'mondonligi ushbu ma'lumotni rad etib, kemalarga zarar yetmaganini ma'lum qildi. BAA hukumati Eronni hujumlarni to'xtatishga va muhim savdo yo'li hisoblangan bo'g'ozni to'liq ochishga chaqirmoqda.
Avvalroq Tramp Yaqin Sharqdagi ushbu mojaroga aloqador bo'lmagan davlatlar kemalari hududdan chiqarib yuborilishini e'lon qilgan edi. Hozirda mintaqadagi vaziyat xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo'lib turibdi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0