
Londonning «Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Mikel Arteta «Fulxem» ustidan qozonilgan g'alabadan (3:0) so'ng vinger Bukayo Saka haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Uchrashuvda 24 yoshli futbolchi 9-daqiqada Viktor Dyokereshga golli uzatma yetkazib berdi, 40-daqiqada esa raqib darvozasini o'zi ishg'ol qildi. Biroq murabbiy tanaffus paytida Sakani Noni Maduekega almashtirishga qaror qildi.
Artetaning ta'kidlashicha, Bukayo o'yin taqdirini hal qiluvchi harakatlarni amalga oshirdi va jamoa uchun uning qobiliyati juda muhim. Murabbiy futbolchining jismoniy holatiga to'xtalar ekan, Sakani ehtiyot qilish lozimligini qayd etdi.
Uning so'zlariga ko'ra, futbolchi Madridda 30 daqiqa, mazkur bahsda esa 45 daqiqa harakat qilgan. Shu sababli murabbiylar shtabi yuklamalarni asta-sekin oshirib borishni va ehtiyotkorlik choralarini ko'rishni maqsad qilgan.
«Saka mavsumning eng muhim bosqichida safga qaytdi. U hozir g'alabalarga tashna va jismonan tetik holatda.
Unga aynan mana shunday o'yin kerak edi», — deya murabbiyning so'zlarini keltirmoqda jurnalist Konnor Xamm. Ma'lumot uchun, 5-may, seshanba kuni «Arsenal» o'z maydonida Chempionlar ligasi yarim finalining javob uchrashuvi doirasida «Atletiko» jamoasini qabul qiladi.
Londonliklar ushbu bahsda Sakadan yuqori samaradorlik kutmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0