
«Arsenal» futbolchilari Saka va Kalafiori safga qaytdi Londonning «Arsenal» klubi vingeri Bukayo Saka hamda chap qanot himoyachisi Rikardo Kalafiori jarohatidan forig' bo'ldi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Futbolchilar shanba kuni «Nyukasl»ga qarshi bo'lib o'tadigan bahsda o'z jamoasiga yordam berishga tayyor. Bu haqda «kanonirlar» bosh murabbiyi Mikel Arteta ma'lum qildi.
«Bukayo katta ehtimol bilan tarkibga kiritiladi, bu biz uchun yaxshi yangilik. Biz unga tiklanishi uchun vaqt berdik.
Ma'lum vaqt u yuqori darajadagi o'yinni saqlab qolishga qiynaldi va o'zini noqulay his qildi. Biz unga to'g'ri muolaja va zarur sharoitlarni ta'minladik.
Kalafiori ham ushbu uchrashuvda maydonga tushishi mumkin», — dedi Arteta klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida. Shu bilan birga, niderlandiyalik himoyachi Yurriyen Timber hali jarohatidan to'liq tuzalmagani ochiqlandi.
Ma'lumot uchun, «Arsenal» ayni paytda qo'shimcha ko'rsatkichlar bo'yicha «Man Siti»dan ortda qolib, APL turnir jadvalida ikkinchi o'ringa tushgan. Mavsum yakuniga qadar jamoaning yana beshta o'yini qolgan.