
Polsha terma jamoasining sobiq futbolchisi Yan Tomashevski «Barselona» bosh murabbiyi Hansi Flikning ish uslubini keskin tanqid qildi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mutaxassis kataloniyaliklar ustozi tomonidan polshalik hujumchi Robert Levandovskiga yetarlicha e'tibor berilmayotganidan norozi ekanini bildirdi. Tomashevskining fikricha, murabbiy o'z vatandoshiga oddiy futbolchi sifatida qaramoqda, bu esa hujumchining darajasiga mos emas.
Sobiq futbolchi Levandovskining o'tmishdagi yutuqlari va uning jahon futbolidagi o'rnini alohida ta'kidlab o'tdi. «Flik Robert Levandovskiga jamoaning oddiy a'zosi kabi munosabatda bo'lmoqda.
Vaholanki, biz «Oltin to'p»ni yutishga munosib bo'lgan inson haqida gapiryapmiz. Robert bunday munosabatga loyiq emas, «Barselona»da unga nisbatan yomon munosabatda bo'lishmoqda», — deya Tomashevskining so'zlarini keltirmoqda derbyderbyderby.it nashri.
Ma'lumot uchun, Robert Levandovski 2022-yilda Myunxenning «Bavariya» klubidan «Barselona» safiga kelib qo'shilgan edi. O'shanda jamoani ispaniyalik mutaxassis Xavi Ernandes boshqargan.
Hansi Flik esa joriy mavsum boshidan buyon kataloniyaliklar bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Avvalroq Tomashevski Germaniya terma jamoasining sobiq ustozi hisoblangan Flikning boshqa qarorlarini ham bir necha bor tanqid ostiga olgan edi.