
Mikel Arteta: «G'alaba qozonishimiz shart edi» «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Premyer ligasining 34-turi doirasida «Nyukasl» ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Uchrashuv londonliklarning 1:0 hisobidagi kichik g'alabasi bilan yakunlandi. Arteta o'yindan keyingi intervyusida raqibning bosimi va jamoasining himoyadagi tartibli o'yiniga alohida to'xtalib o'tdi.
Murabbiyning ta'kidlashicha, «Nyukasl» beshta o'zgarishni amalga oshirgan bo'lsa-da, maydonga go'yo o'nta yangi futbolchi tushgandek taassurot qoldirgan. «Arsenal» ustozi jamoada g'alaba qozonish uchun kuchli ehtiyoj bo'lganini va futbolchilar intizom hamda jasorat ko'rsatib, minimal ustunlikni saqlab qolganini qayd etdi.
Shu bilan birga, Arteta o'yinni ko'proq nazorat qilish uchun to'p bilan muomala qilish borasida hali qilinadigan ishlar ko'pligini tan oldi. Ushbu g'alabadan so'ng «Arsenal» 73 ochko bilan turnir jadvalida yana birinchi o'ringa ko'tarilib oldi.
Ayni paytda «Man Siti» hisobida 70 ochko mavjud, biroq jamoa Angliya kubogidagi ishtiroki sababli bitta kam o'yin o'tkazgan. Chempionlik poygasidagi asosiy raqiblar o'rtasidagi kurash qizg'in pallaga kirdi.