
Xoland: «Manchester Siti» turnir jadvalida peshqadamga aylandi «Manchester Siti» hujumchisi Erling Xoland Angliya Premyer ligasining 34-turi doirasida «Byornli» ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mazkur uchrashuv «shaharliklar»ning 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. O'yindagi yagona golni norvegiyalik forvard uchrashuvning 5-daqiqasida raqib darvozasiga kiritishga muvaffaq bo'ldi.
«Men juda baxtiyorman. Biz g'alaba qozonib, uch ochkoni qo'lga kiritdik.
Muxlislar kuylayotganidek, «Manchester Siti» turnir jadvalida birinchi o'ringa ko'tarilib oldi. Shunday ekan, barchamiz bundan xursand bo'lishimiz kerak», — deya hujumchining so'zlarini keltirmoqda insayder Fabrisio Romano.
Ushbu muvaffaqiyat evaziga «Man Siti» ochkolar sonini 70 taga yetkazib, «Arsenal»ni peshqadamlik taxtidan tushirdi. Hozirda har ikki jamoa hisobida bir xil ochko mavjud bo'lsa-da, qo'shimcha ko'rsatkichlar bo'yicha Manchester klubi ustunlikka ega.
Eslatib o'tamiz, avvalgi turda «shaharliklar» Londonda kechgan o'zaro bahsda ham «kanonirlar»ni mag'lub etgan edi.