O'zbekistonda dam olish kunlari yomg'ir va harorat pasayishi kutilmoqda

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

O'zbekistonda dam olish kunlari yomg'ir va harorat pasayishi kutilmoqdaO'zbekistonda may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi

O'zbekistonda may oyining dastlabki kunlari bahoriy, ammo o'zgaruvchan ob-havo sharoitida o'tadi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

O'zgidromet xizmati ma'lumotlariga ko'ra, respublikaning aksariyat hududlarida yomg'ir yog'ishi va momaqaldiroq bo'lishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpog'iston, Xorazm viloyati hamda Navoiy viloyatining shimoliy tumanlarida yog'ingarchilik kuzatilmaydi.

Sinoptiklar 2-3 may kunlari yomg'ir miqdori kamayishini, biroq ayrim joylarda qisqa muddatli yog'ingarchilik saqlanib qolishini prognoz qilmoqda. Havo harorati dam olish kunlariga kelib biroz pasayadi.

Agar 1 may kuni kunduzi 27-30 daraja issiq bo'lsa, shanba va yakshanba kunlari ko'rsatkichlar 22-25 darajagacha tushadi. Shimoli-g'arbiy hududlarda esa juma kuni 20-23 daraja bo'lgan harorat yakshanba kuni yana 27-30 darajagacha ko'tarilishi ma'lum qilindi.

Tog' oldi va tog'li hududlarda 1-3 may kunlari vaqti-vaqti bilan kuchli yomg'ir yog'ishi, momaqaldiroq kuzatilishi hamda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi xavfi mavjud. Toshkent shahrida juma kuni tushdan keyin qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi mumkin.

Poytaxtda harorat kunduzi 22-24 daraja, kechasi esa 13-15 daraja atrofida bo'lishi kutilmoqda. Mutaxassislar aholini kutilayotgan meteorologik o'zgarishlar vaqtida ehtiyotkorlik choralarini ko'rishga chaqirdi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish