O'zbekistonda hafta boshida yog'ingarchilik va momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

O'zbekistonda hafta boshida yog'ingarchilik va momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqdaO'zbekistonda hafta boshi beqaror ob-havo bilan boshlanadi

O'zbekistonda may oyining birinchi haftasi beqaror ob-havo sharoitlari bilan boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

O'zgidromet xizmati ma'lumotlariga ko'ra, 4 may kuni respublikaning qator hududlarida qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi ehtimoli bor. Poytaxt Toshkentda havo o'zgaruvchan bo'lib, vaqt-vaqti bilan momaqaldiroq va yog'ingarchilik kuzatilishi mumkin.

Shaharda g'arbiy yo'nalishdagi shamol 3–8 m/s tezlikda esadi, harorat kechasi 13–15 daraja, kunduzi esa 24–26 daraja atrofida bo'ladi. Respublikaning shimoliy hududlarida, xususan, Qoraqalpog'iston va Xorazmda yog'ingarchilik kutilmaydi, biroq shamol tezligi 14 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Ushbu hududlarda kunduzgi harorat 27–32 darajagacha ko'tariladi. Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham asosan quruq ob-havo saqlanib qolishi, harorat 23–28 daraja atrofida bo'lishi taxmin qilinmoqda.

Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida esa ayrim joylarda qisqa muddatli yomg'ir va momaqaldiroq bo'lishi ehtimoli mavjud. Janubiy viloyatlar — Qashqadaryo va Surxondaryoda yog'ingarchilik ehtimoli past bo'lib, harorat 31 darajagacha ko'tariladi.

Farg'ona vodiysi viloyatlarida ham momaqaldiroq bilan birga yomg'ir yog'ishi mumkin. Mutaxassislar tog'oldi va tog'li hududlarda kuchli yog'ingarchilik oqibatida sel-suv toshqinlari xavfidan ogohlantirmoqda.

Umuman olganda, may oyining dastlabki kunlari beqaror o'tsa-da, oy davomida harorat me'yordagidan biroz yuqori bo'lishi prognoz qilinmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish