Farg'onada kuchli yomg'ir oqibatida 90 dan ortiq xonadonni suv bosdi
Farg'ona viloyatining Beshariq tumanida joylashgan 90 dan ziyod aholi xonadoniga suv kirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma'lumotga ko'ra, hodisaga hududda kuzatilgan kuchli yog'ingarchilik sabab bo'lgan. 1-may kuni soat 21:41 da 112 tizimiga Beshariq tumanidagi "Vorux Dasht" va "Yangiqo'rg'on" mahalla fuqarolar yig'inlari hududida joylashgan ko'chalarni suv bosgani haqida xabar kelib tushgan.
Yomg'ir suvlari aholi yashash uylarining tomorqa qismlariga kirib borgani aniqlangan. Vaziyatni o'rganish va oqibatlarni bartaraf etish maqsadida hududga viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari hamda viloyat va tuman hokimligi vakillari yetib borgan.
Hozirda maxsus kuchlar va texnika vositalari yordamida suvni chiqarib tashlash hamda hududni tozalash ishlari jadal olib borilmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, tabiiy hodisa natijasida fuqarolar orasida jabrlanganlar yoki jarohat olganlar qayd etilmagan.
Mutasaddilar vaziyat to'liq nazoratga olinganini va yuzaga kelgan noqulayliklar qisqa muddat ichida to'liq bartaraf etilishini ma'lum qildi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0