Ubuntu operatsion tizimi va Canonical infratuzilmasi yirik kiberhujumga uchradi
Canonical kompaniyasi va uning Linux Ubuntu operatsion tizimi xizmatlari keng ko'lamli DDoS-hujumi nishoniga aylandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining xabar berishicha, 30-aprel kuni boshlangan ushbu kiberhujum ikki kundan buyon davom etmoqda. Hodisa oqibatida butun dunyo bo'ylab millionlab foydalanuvchilar tizimni o'rnatish va yangilash imkoniyatidan mahrum bo'ldi.
Kompaniya vakillari veb-infratuzilmaning asosiy bo'g'inlari jiddiy zarbaga uchraganini tasdiqladi. Xususan, ubuntu.com rasmiy sayti, Snap Store ilovalar do'koni, Launchpad platformasi va Ubuntu Security API xizmatlarida uzilishlar kuzatildi.
Bu holat tizim ma'murlarining xavfsizlik yamoqlari hamda zaifliklar haqidagi muhim ma'lumotlarni olishiga to'sqinlik qildi. Mazkur hujum uchun javobgarlikni 313 Team xakerlar guruhi o'z zimmasiga oldi.
Ma'lum qilinishicha, jinoyatchilar 3,5 Tbit/s gacha trafik bosimini yaratishga qodir bo'lgan Beamed tijorat xizmatidan foydalangan. Xakerlar o'zlarining Telegram-kanalida Canonical kompaniyasidan to'lov talab qilib, aks holda hujumlar to'xtatilmasligi bilan tahdid qilmoqda.
Ayni vaqtda resurslar faoliyati barqarorlashmoqda, mazkur holat yuzasidan AQSh Federal qidiruv bürosi (FQB) va Yevropol tergov harakatlarini boshladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0