Xavfsizlik sohasidagi tahlilchilar mart oyida Los-Anjeles transport tizimiga (LACMTA) uyushtirilgan kiberhujum ortida Eron hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan guruh turganini maʼlum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Isroilning Gambit Security startapi tomonidan seshanba kuni taqdim etilgan hisobotga koʻra, ushbu xakerlar Eron Razvedka va davlat xavfsizligi vazirligi (MOIS) manfaatlarini koʻzlab faoliyat yuritadi. Techcrunch.com nashri keltirgan maʼlumotlarga koʻra, oʻzini Ababil of Minab deb atovchi xaktivistlar guruhi avvalroq mazkur hujum uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan va LACMTA tizimidan maʼlumotlarni oʻgʻirlab, keyinchalik ularni yoʻq qilganini daʼvo qilgan edi.
Gambit Security ekspertlari mazkur jamoa mustaqil xaktivistlar emas, balki bevosita Eron davlat tuzilmalariga aloqador ekanligini taʼkidlamoqda. Xulosalar guruh faoliyatini Eronning avvalgi kiberkampaniyalari hamda Isroil Milliy kiberdirektorligi tomonidan MOISga bogʻlangan hujumlar bilan solishtirish orqali tayyorlangan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, Isroil, Saudiya Arabistoni va Turkiyadagi kompaniyalarga qilingan hujumlarni ham tahlil qilishgan. Agar ushbu xulosalar oʻz tasdigʻini topsa, Ababil of Minab Eron hukumati tomonidan boshqariladigan soxta xaktivist guruhlarning navbatdagi namunasi boʻlib qoladi.
Bungacha Stryker tibbiy texnologiyalar kompaniyasiga hujum qilgan Handala guruhi ham xuddi shunday sxema asosida ishlagani aniqlangan edi. Oʻsha vaqtda AQSH Adliya vazirligi Eronni hujumlar ortida turganlikda ayblagan, FBI esa guruhga tegishli saytlarni nazoratga olgan edi.
Soʻnggi oylarda Eron bilan bogʻliq kiberhujumlar koʻlami kengayib, aprel oyida AQSH agentliklari mamlakat muhim infratuzilmalari jiddiy xavf ostida ekanligi haqida rasmiy ogohlantirish bergan edi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0