Microsoft korporatsiyasi oʻz dasturiy taʼminotlaridagi kamchiliklarni ommaga oshkor qilgan xavfsizlik tadqiqotchisiga nisbatan huquqiy bosim oʻtkazmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Techcrunch.com nashrining yozishicha, texnologik gigant Nightmare Eclipse taxallusi ostidagi mutaxassisni BlueHammer, RedSunUnDefend va YellowKey kabi jiddiy xavfsizlik xatolarini tegishli tartibda xabar bermasdan eʼlon qilganlikda ayblamoqda. Kompaniya vakillarining bayonotiga koʻra, mazkur harakatlar Windows Defender va BitLocker kabi muhim tizimlarni kiberhujumlar qarshisida himoyasiz qoldirgan.
Microsoft Digital Crimes Unit boʻlinmasi ushbu vaziyatni jinoiy faoliyatga koʻmaklashish deb baholab, huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda surishtiruv ishlarini boshlashini maʼlum qildi. Oʻz navbatida, ayblovlarga uchragan tadqiqotchi kompaniya bilan aloqa oʻrnatishga uringanini, biroq Microsoft Security Response Center platformasidagi akkaunti bloklangani sababli muloqot qila olmaganini taʼkidlamoqda.
Ayni damda mutaxassisning GitHub va GitLab tarmoqlaridagi sahifalari ham yopib qoʻyilgan. Ushbu qarama-qarshilik kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislar oʻrtasida jiddiy bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda.
Xususan, bug bounty dasturlari asoschilaridan biri Keti Mussuris Microsoft kompaniyasining tanlagan ushbu yondashuvini keskin qoralab, mazkur xatti-harakatlar mustaqil tadqiqotchilar bilan hamkorlik qilish madaniyatiga putur yetkazayotganini qayd etdi. Vaziyat yirik texnologik korporatsiyalar va xavfsizlik boʻyicha mustaqil tahlilchilar oʻrtasidagi masʼuliyat taqsimoti masalasini yana bir bor dolzarb qilib qoʻydi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0