Ohangaronda IIV xodimiga tuhmat qilgan uch yigit ushlandi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Ohangaronda IIV xodimiga tuhmat qilgan uch yigit ushlandiOhangaron shahrida ichki ishlar xodimini asossiz ayblagan yigitlar hibsga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron shahrida xizmat qiluvchi patrul-post xizmati xodimi voyaga yetmagan qizlarga nisbatan nojoʻya harakatlar qilgani haqida tarqalgan xabarlar oʻz tasdigʻini topmadi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Bir necha kun avval tarqalgan ushbu murojaatda 14 yoshli ikki qiz togʻli hududga olib ketilgani daʼvo qilingan edi. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti darhol tekshiruv oʻtkazdi va gumon qilingan xodim vaqtincha vazifasidan ozod etildi.

Biroq Toshkent viloyati IIBB tomonidan 2-may kuni eʼlon qilingan yakuniy maʼlumotlarga koʻra, xodimga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar asossiz boʻlib chiqdi. Surishtiruv natijasida xodimlarni qasddan obroʻsizlantirishga uringan 18 yoshli yigit va uning ikki nafar tengdoshi ushlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Ohangaron shahar sudi huquqbuzarlarni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183, 194 va 195-moddalari bilan aybdor deb topdi. Sud qarori bilan ularga 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Viloyat IIBB matbuot kotibi Bobur Toʻlaganovning maʼlum qilishicha, asosiy ayblanuvchi oʻz murojaatida xatoga yoʻl qoʻyganini va PPX xodimiga asossiz tuhmat qilganini tan olgan. Shuningdek, u IIB binosida tartibbuzarlik keltirib chiqarish va qonuniy talablarga boʻysunmaslikda ham ayblanmoqda.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan yolgʻon maʼlumot tarqatish va transport vositasiga zarar yetkazish holatlari boʻyicha qoʻshimcha tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish