Ohangaron tumanida 14 yoshli qiz bilan bog'liq video yuzasidan rasmiy ma'lumot berildi
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Ohangaron tumanida patrul-post xizmati xodimi va voyaga yetmagan qiz ishtirokida tarqalgan videomurojaat yuzasidan tekshiruv natijalarini e'lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
O'tkazilgan o'rganishlar davomida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan iddaolar o'z tasdig'ini topmadi. Aniqlanishicha, 27 aprel kuni soat 00:30 atrofida 22 yoshli ayol tanishi bo'lgan xodim bilan maslahatlashish uchun uchrashuv belgilagan.
Ayol va 14 yoshli qiz o'z ixtiyori bilan xodimning shaxsiy avtomobiliga o'tirgan. Suhbat jarayonida voqea joyiga boshqa transport vositasi kelib to'xtagan va undan tushgan yigit qiz bilan avvaldan tanish bo'lgani sababli janjal ko'targan.
Mazkur shaxs holatni tasvirga olib, xodimga nisbatan ayblovlar ilgari surgan. Tekshiruvlar davomida ma'lum bo'lishicha, videoni tarqatgan yigit qizga qarindosh emas, balki u bilan shaxsiy munosabatda bo'lib, uni doimiy nazorat qilgan.
Shunisi e'tiborliki, ushbu yigit bir necha kun avval aynan shu xodim tomonidan tungi vaqtda qiz bilan birga yurgani uchun to'xtatilib, ogohlantirilgan. 30 aprel kuni berilgan rasmiy bayonotda qayd etilishicha, yigit qiz yuborgan joylashuv bo'yicha kelib, ataylab mojaro tashkil qilgan.
Hozirda holatga huquqiy baho berish ishlari davom etmoqda. Mas'ullar fuqarolarni faqat tasdiqlangan rasmiy ma'lumotlarga tayanishga chaqirdi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0