Mirziyoyev energiya resurslarini tejash bo'yicha yangi tartibni tasdiqladi
O'zbekistonda energiya resurslarini tejash borasida yangi tizim joriy etilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Prezident 29 aprel kuni imzolagan farmonga ko'ra, endilikda gaz va elektr energiyasini iqtisod qilish maqsadida iste'molchilarni tarmoqdan uzish yoki ularga cheklovlar qo'yish amaliyoti butunlay taqiqlanadi. Mazkur hujjat 2026 yilda energiya samaradorligini oshirish va resurslardan oqilona foydalanishga doir qo'shimcha chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Yangi tartibga ko'ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab vazirliklar, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan barpo etiladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan binolar energiya samaradorligi bo'yicha kamida "S" darajasiga ega bo'lishi shart. Hukumat iqtisod qilish jarayonida aholi va tadbirkorlarga sun'iy to'siqlar yaratishni man etdi, bu esa iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Energiya samaradorligi milliy agentligi faoliyati ham kengaytirilmoqda. Agentlik qoshidagi maxsus jamg'arma energiya servis kompaniyalari xizmatlari uchun kafolatlangan to'lovlarni amalga oshirish vakolatiga ega bo'ldi.
2026 yildan boshlab energiya sarfi me'yordan ko'p bo'lgan davlat ob'ektlarida xalqaro standartlar asosida modernizatsiya ishlari olib boriladi. Shuningdek, sohada raqamlashtirish jarayoni jadallashtiriladi.
2026 yil 1 oktyabrga qadar energiya iste'molini tahlil qilish uchun Big Data, biznes-tahlil va sun'iy intellekt texnologiyalari tatbiq etiladi. Ushbu yangiliklar energiya resurslari sarfini nazorat qilishda shaffoflikni ta'minlaydi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0