Inflatsiya nazoratga olinadi: Prezident narxlar ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi

0
Inflatsiya nazoratga olinadi: Prezident narxlar ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi
24 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mamlakat iqtisodiyotiga ta'sir qilayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Yig'ilishda joriy yil boshidan buyon jahonda neft narxi qariyb 40 foizga oshgani, global ziddiyatlar sabab logistika zanjirlari o'zgarib, tashish xarajatlari sezilarli darajada qimmatlashayotgani ta'kidlandi. Bu holat eksport va import operatsiyalariga ham ta'sir qilib, umumiy xarajatlarni 25–30 foizgacha oshirmoqda. Davlat rahbari inflyatsiya masalasiga alohida urg'u berib, iqtisodiy o'sish bilan birga narx-navo barqarorligi ta'minlanmasa, aholi va tadbirkorlar uchun ijobiy natija sezilmasligini qayd etdi. «Qancha harakat qilib iqtisodiyotni rivojlantirmaylik, agar inflyatsiya oshib borsa, bu aholi daromadlarining qadrsizlanishiga olib keladi», — dedi prezident. Qayd etilishicha, import inflyatsiyasi ichki bozor narxlariga qo'shimcha bosim o'tkazmoqda. Biroq bu holatni bahona qilib, inflyatsiyaga qarshi choralarni sustlashtirishga yo'l qo'yilmasligi qat'iy ta'kidlandi. Davlat rahbari iste'mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobiga to'g'ri kelishini alohida urg'ulab, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini bildirdi. Hukumat a'zolari va hududlar rahbarlariga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz atrofida ushlab turish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini ko'paytirish, narxlarni barqarorlashtirish bo'yicha aniq vazifalar yuklatildi. Logistikadagi uzilishlar tufayli birinchi chorakda qoramol importi ikki barobar kamaygani ma'lum qilindi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida avia tashuv orqali keltiriladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so'mgacha subsidiya ajratish, go'sht importida transport xarajatlarining yarmini qoplash choralari joriy etildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun yangi va muqobil transport yo'nalishlarini ko'paytirish vazifasi qo'yildi. Bu orqali ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakuniga qadar esa 130 ming tonna go'sht importini ta'minlash rejalashtirilgan. Yig'ilishda qishloq xo'jaligi sohasidagi kamchiliklar ham tanqid qilindi. Ayrim hududlarda ozuqa ekinlari ekish ishlari sust kechayotgani, xususan, Namanganda rejalashtirilgan maydonlarning katta qismi hali o'zlashtirilmagani qayd etildi. Shuningdek, bir qator tumanlarda silos ekish ishlari ham boshlanmagani tanqid ostiga olindi. Kartoshka yetishtirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Ayrim viloyatlarda ekish ishlari orqada qolgani sabab narxlar oshgani ta'kidlandi. Masalan, mart oyida kartoshka narxi Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda esa 9 foizga ko'tarilgan. Prezident hududlar rahbarlariga mavjud imkoniyatlardan to'liq foydalanish, mas'uliyatni oshirish va sustkashlikka yo'l qo'ymaslik bo'yicha qat'iy topshiriqlar berdi. «Yana bir bor ta'kidlayman: mablag' ham bor, resurs ham yetarli. Go'sht va kartoshka bo'yicha hech qanday muammo bo'lmasligi shart», — dedi davlat rahbari. Qisqasi, yig'ilishda inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash bo'yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuhrat Razzakov «UZ.NEWS» muharriri + UZ.NEWS saytini Googlega qo'shing Ctrl Enter Xato topdingizmi? Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Yoqdi 0 Yoqmadi 0
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top O'zbekiston yangiliklari