Mirziyoyev Farg'ona viloyatiga tashrif buyurdi
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Farg'ona viloyatiga jo'nab ketdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Davlat rahbari matbuot xizmati bergan ma'lumotga ko'ra, ikki kunlik safar davomida hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni ko'zdan kechiriladi. Tashrif dasturidan sanoat korxonalari, qishloq xo'jaligi ob'ektlari, transport infratuzilmasi hamda turizm yo'nalishidagi strategik loyihalar bilan tanishish o'rin olgan.
Shuningdek, Prezident viloyatni rivojlantirishning ustuvor masalalariga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazishi belgilangan. Mazkur majlisda hududning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish o'rinlarini tashkil etish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiluvchi tashabbuslar muhokama qilinadi.
Eslatib o'tamiz, Mirziyoyev avvalroq o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida birinchi chorak yakunlarini tahlil qilib, yil oxiriga qadar iqtisodiy o'sishni ta'minlash bo'yicha mas'ullarga aniq vazifalarni topshirgan edi. Farg'onaga amalga oshirilayotgan ushbu tashrif belgilangan rejalarning joylardagi ijrosini ta'minlash va viloyat taraqqiyotiga qo'shimcha turtki berishni ko'zda tutadi.