Marg'ilon shahrida "Burhoniddin Marg'inoniy" majmuasi ochildi (foto)

0
Marg'ilon shahrida "Burhoniddin Marg'inoniy" majmuasi ochildi (foto)
Foto: Prezident matbuot xizmati Prezident Shavkat Mirziyoyev Marg'ilon shahrida barpo etilgan “Burhoniddin Marg'inoniy” ilmiy-ma'rifiy va turizm majmuasi hududidagi yangi madaniy hamda xizmat ko'rsatish ob'ektlari bilan tanishdi. Ushbu loyiha nafaqat arxitekturaviy jihatdan, balki ma'naviy va iqtisodiy ahamiyati bilan ham alohida e'tiborga loyiq. Qayd etilishicha, milliy me'morchilik an'analari, Marg'ilonning boy tarixi va zamonaviy turizm talablari uyg'unlashgan mazkur majmua haqiqiy “shahar ichidagi shahar”ga aylangan. 35 gektar hududni qamrab olgan kompleksda sayyohlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda: mehmonxonalar, karvonsaroylar, savdo va servis binolari, hunarmandchilik markazlari, milliy bozorlar va muzeylar qurib bitkazilgan. Majmuada buyuk alloma Burhoniddin Marg'inoniyning ilmiy merosini o'rganish va targ'ib qilish ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik an'analarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Loyihaning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri — “Otabek va Kumush uyi” muzeyidir. Bu yerda mashhur “O'tkan kunlar” romani sahnalari devorlarda jonlantirilib, adabiyot va tarixni birlashtirgan o'ziga xos muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda zamonaviy kutubxona ham majmua tarkibidan joy olgan. Qiymati 1,7 trillion so'mga teng bo'lgan ushbu yirik loyiha Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja asosida amalga oshirilmoqda. Majmua ikki bosqichda barpo etiladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 o'rinli masjid, yangi mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat ko'rsatish nuqtalari hamda 300 o'rinli bozor tashkil etilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko'zdan kechirib, hunarmandchilik va amaliy san'at ko'rgazmalari, bozor rastalari bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy aholi va jamoatchilik vakillari bilan muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini eshitdi. Mutaxassislar ta'kidlashicha, majmua to'liq faoliyat boshlagach, Farg'ona vodiysiga har yili 200–250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Bu esa 2 mingta yangi ish o'rni yaratish, davlat byudjetiga 52 milliard so'm tushum hamda 30 million dollarlik xizmatlar eksportini ta'minlash imkonini beradi. Shu bilan birga, mazkur tajriba mamlakatning boshqa tarixiy hududlarida ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Buxorodagi “Boqiy Buxoro”, Samarqanddagi Imom Moturidiy majmuasi atrofi, Qo'qondagi O'rda va Namangandagi “Axsikent” yodgorligi kabi maskanlarda ham shunday loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda. Qisqacha aytganda, Marg'ilondagi ushbu majmua — bu oddiy qurilish emas, balki tarix, madaniyat va iqtisodni bir nuqtada birlashtirgan strategik loyiha. Endi gap — uni qanday darajada “jonlantirish”da. Shuhrat Razzakov «UZ.NEWS» muharriri + UZ.NEWS saytini Googlega qo'shing Ctrl Enter Xato topdingizmi? Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Yoqdi 0 Yoqmadi 0
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top O'zbekiston yangiliklari