
Madridning "Real Madrid" klubi o‘z hujumchisi Gonsalo Garsiyani 60 mln yevro evaziga sotishga tayyorligini ma’lum qilganidan so‘ng, futbolchiga asosiy da’vogarlar paydo bo‘la boshladi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
AS nashri xabariga ko‘ra, 22 yoshli ijrochi xizmatlariga Dortmundning "Borussiya Dortmund" klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Garchi Germaniya klubi Garsiyani o‘z safiga qo‘shib olishni istayotgan bo‘lsa-da, hozircha ular madridliklarga faqat 30 mln yevro taklif qilishmoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi moliyaviy talablar o‘rtasidagi farq katta bo‘lgani sababli, muzokaralar jarayoni sekinlashgan va hozircha bir qarorga kelinmagan. Ma’lumot uchun, Gonsalo Garsiya "Real Madrid"ning asosiy tarkibida o‘tgan yili o‘tkazilgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida debyut qilgan edi.
O‘shanda u Kilian Mbappe o‘rniga maydonga tushib, turnirning eng yaxshi to‘purariga aylangan. Joriy mavsumda esa hujumchi barcha musobaqalarda 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.