
«Real Madrid» 2026-yilda tarkibni kuchaytirishdan ko‘ra, ko‘proq prinsipial raqobat yo‘lida 8 mln yevro sarflashga tayyor ko‘rinmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Gap «Osasuna»da porlayotgan Viktor Munyos haqida ketmoqda. Madridliklar hujum chizig‘ida Mbappe va Vinisius kabi yulduzlar borligiga qaramay, Munyosni ortga qaytarishni ko‘zlamoqda.
Buning asosiy sababi esa futbolchiga «Barselona» qiziqish bildirayotganidir. Munyosning taqdiri o‘ziga xos dramaga boy.
11 yoshida «Barselona» akademiyasiga qabul qilingan futbolchi, uch yildan so‘ng raqobatga dosh berolmay klubni tark etgan edi. Keyinchalik «Real Madrid» uni 17 yoshida o‘z safiga qo‘shib oldi va «Kastilya» orqali asosiy tarkibga tayyorladi.
Biroq o‘tgan yilgi «El-Klasiko»da Vinisius o‘rniga maydonga tushgan Viktor qulay imkoniyatdan foydalana olmadi va muxlislar tanqidiga uchradi. O‘tgan yozda «Real Madrid» futbolchini 5 mln yevro evaziga «Osasuna»ga sotib yubordi, ammo shartnomaga uch yil davomida qayta sotib olish huquqini kiritdi.
Pamplonada Munyos o‘zini ko‘rsata oldi: u La Liganing barcha 32 turida maydonga tushib, 5 ta gol va 2 ta assist muallifiga aylandi. Shuningdek, Ispaniya terma jamoasidagi debyut o‘yinida Serbiya darvozasini ishg‘ol qildi.
Hozirda «Barselona» uni 40 mln yevrolik tovon puli evaziga sotib olmoqchi, biroq «Real Madrid»da 8 mln yevrolik imtiyozli huquq bor. Futbolchining o‘zi esa Madridga qaytishga shoshilmayapti, chunki u zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishni istamaydi.
Jurnalist Albert Fernandesning so‘zlariga ko‘ra, Madrid klubi vaziyatni to‘liq nazorat qilmoqda va raqibiga ushbu transferni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bilan birga, «Real Madrid»ning ichki muhitida ham o‘zgarishlar kutilmoqda.
Arbeloaning ketishi deyarli hal bo‘lgan. Yangi murabbiy sifatida Yurgen Klopp, Zinedin Zidan kabi nomlar tilga olingan bo‘lsa-da, Klopp «Red Bull»dagi ishidan mamnunligini, Zidan esa JCh-2026 dan so‘ng Fransiya terma jamoasini boshqarishini bildirdi.
Mbappe esa ijtimoiy tarmoqlarda Joze Mourinyoning qaytishi haqidagi xabarlarga «layk» bosib, mish-mishlarni urchitdi. Florentino Peres «Maxsus» murabbiyni qaytarish variantini ko‘rib chiqishi mumkin, ammo nomzodlar orasida Maurisio Pochettino va Didye Desham ham bor.
Klub transfer bozorida boshqa yo‘nalishlarda ham faol: Niko Pas «Komo»dan 9 mln yevroga qaytarilishi kutilmoqda, «Shtutgart»dan Chema Andres va «Liverpul»dan Mak Alister nomzodlari o‘rganilmoqda. Maykl Olis bo‘yicha esa «Bavariya» bilan muzokaralar murakkab kechishi aniq, chunki futbolchi Myunxenda qolishni afzal ko‘rmoqda.
Umuman olganda, Madrid klubidagi hozirgi holat ko‘plab syujetlar kesishgan, ammo yakuni noaniq bo‘lgan murakkab jarayonni eslatmoqda.