Toshkentda Gerontologiya va uzoq umr ko'rish markazi tashkil etildi
Toshkent shahrida keksalar hayot sifatini yaxshilash va faol uzoq umr ko'rish madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan Gerontologiya va uzoq umr ko'rish markazi ish boshladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mazkur muassasa katta yoshdagi fuqarolar uchun ijtimoiy hamda ta'limiy loyihalarni ishlab chiqish bilan shug'ullanadi. Podrobno.uz nashrining yozishicha, markaz zimmasiga gerontologiya yo'nalishida ilmiy izlanishlar ko'lamini kengaytirish va soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash vazifasi yuklangan.
Loyiha Prezident huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi ko'magida Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filialida hayotga tatbiq etildi. Bugungi kunda markaz tarkibida o'ndan ziyod bo'linma, xususan, gerontologik materiallar fondi hamda axborot-ta'lim texnologiyalari instituti xizmat ko'rsatmoqda.
Universitet ushbu yo'nalishda Sankt-Peterburgning yirik ilmiy markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Shuningdek, universitet filiali 2026–2027 o'quv yilidan boshlab yangi ta'lim yo'nalishlarini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Bakalavriat bosqichida talabalar sun'iy intellekt, xorijiy tillar, adaptiv sport va reklama ishi kabi yo'nalishlarda tahsil olishlari mumkin bo'ladi. Magistratura dasturida esa ta'lim sifatini boshqarish hamda imkoniyati cheklangan shaxslarni reabilitatsiya qilish bo'yicha mutaxassislar tayyorlashga e'tibor qaratiladi.