Toshkentda yangi gastronomik turizm ko'chasi ochildi (foto)

0
Toshkentda yangi gastronomik turizm ko'chasi ochildi (foto)
Toshkentda yangi gastronomik turizm ko'chasi faoliyat boshladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Mirzo Ulug'bek tumanidagi O'zbekiston ovozi ko'chasida barpo etilgan ushbu zamonaviy majmua bilan tanishdi. Mazkur loyiha ichki turizmni rivojlantirish va xizmat ko'rsatish sohasini kengaytirish maqsadida amalga oshirilgan muhim tashabbuslardan biri bo'lib, 2022 yil 30 aprelda qabul qilingan davlat qaroriga asoslangan holda 2025 yil sentyabr oyida foydalanishga topshirildi.

Loyihani ishlab chiqishda Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” kabi arxitektura byurolari ishtirok etdi. Umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etgan ko'chada aholi va sayyohlar uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Keng piyodalar va velosiped yo'laklari, dam olish maskanlari, selfi-zonalar, sport maydonchalari va sanitariya inshootlari mavjud.

Bundan tashqari, bolalar uchun ekologik to'plamlar, arqonli bog'lar hamda oilaviy dam olish uchun qulay hududlar tashkil etilgan. Prezident ko'cha bo'ylab yurib, ta'mirlangan binolarni, obodlashtirilgan hududlarni ko'zdan kechirdi va mahalliy aholi bilan suhbatlashdi, ularning fikr-mulohazalarini tingladi. Loyihaning umumiy qiymati 40 milliard so'mni tashkil etadi.

Hozirgi kunda ko'chada 165 ta savdo va xizmat ko'rsatish ob'ekti faoliyat yuritmoqda, ulardan 89 tasi kunu tun davomida ishlaydi. Ushbu loyiha natijasida 2 221 ta yangi ish o'rni yaratildi. Xabar qilinishicha, 2025 yilda poytaxtda jami 26 ta ko'cha 24 soatlik rejimda ishlaydigan formatga o'tkazilgan, bunga 540 milliard so'm mablag' sarflanib, 1 103 ta yangi ob'ekt barpo etilgan. Bu orqali 315 tadbirkorlik sub'ekti doimiy ish rejimiga o'tdi va 26 ta xorijiy brend faoliyat boshladi. Ushbu ko'chalarni o'rtacha kunlik tashrif buyuruvchilar soni 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 mingga yaqin aholi ish bilan ta'minlangan. Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm ko'chasini qurish, 500 ta yangi ob'ektni ishga tushirish va 7 mingga yaqin yangi ish o'rni yaratish rejalashtirilgan.
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top Jamiyat yangiliklari