Mirziyoyev Toshkentdagi gastronomik turizm ko'chasi bilan tanishdi
Prezident Mirziyoyev 23 aprel kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumanida barpo etilgan yangi gastronomik turizm ko'chasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Rossiyaning "City Makers" va "Lyudi Arxitekts" byurolari tomonidan loyihalashtirilgan ushbu ob'ekt "O'zbekiston ovozi" ko'chasida joylashgan. Umumiy uzunligi 2,1 km bo'lgan mazkur hudud 2022 yil 30 apreldagi tegishli qaror asosida yaratilib, 2025 yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun 40 mlrd so'm mablag' sarflandi. Hozirda bu yerda 165 ta savdo va servis nuqtasi mavjud bo'lib, ularning 89 tasi 24/7 ish tartibida faoliyat ko'rsatmoqda.
Hududda piyodalar va velosiped yo'laklari, dam olish zonalari, sport maydonchalari hamda bolalar uchun ekomaydonchalar barpo etilgan. Ushbu tashabbus natijasida 2 221 ta yangi ish o'rni yaratildi.
Poytaxtda 2025 yilda jami 26 ta ko'cha tunu kun ishlaydigan formatga o'tkazildi. Bu ishlarga 540 mlrd so'm yo'naltirilib, 1 103 ta yangi ob'ekt tashkil etildi hamda 26 ta xorijiy brend jalb qilindi.
Natijada kunlik tashrif buyuruvchilar soni 200 ming nafargacha yetdi. Joriy yilda yana 18 ta shunday ko'chani barpo etish va 7 mingga yaqin ish o'rni yaratish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari hududdagi aholi bilan muloqot qilib, mutasaddilarga xizmatlar sifatini oshirish va turizm salohiyatini kengaytirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.