Mirziyoyev Toshkentda 12 ta sun'iy ko'l barpo etish bo'yicha topshiriq berdi
Prezident Mirziyoyev 29 aprel kuni gidroenergetika sohasini rivojlantirish va poytaxt infratuzilmasini modernizatsiya qilishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Tadbirda asosiy e'tibor Toshkent shahrining ekologik holatini yaxshilash, aholi uchun qulay mikroiqlim va dam olish maskanlarini yaratish masalalariga qaratildi. Davlat rahbari shahar hududidagi suv havzalari sonini ko'paytirish va yashil maydonlarni kengaytirish bo'yicha yangi vazifalarni belgilab berdi.
Loyihaga ko'ra, Chirchiq daryosining poytaxtdan o'tuvchi 16 km qismida "Daryo bo'yi" majmuasi barpo etiladi. Mazkur hududda 306 gektar maydonni egallaydigan rekreatsiya zonalari, yashil maydonlar hamda savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari tashkil etilishi ko'zda tutilgan.
Shuningdek, Bektemir kanali bo'yidagi 187,3 gektar yerda "yashil belbog'" yaratilib, u yerda piyodalar va velosiped yo'laklari, zamonaviy yoritish tizimlari hamda yangi ko'priklar quriladi. Prezident dastlab rejalashtirilgan 4 ta sun'iy ko'l poytaxt ehtiyojlari uchun yetarli emasligini ta'kidlab, ularning sonini 12 taga yetkazish bo'yicha ko'rsatma berdi.
Ushbu suv havzalari va yashil hududlarning ko'payishi Toshkent shahrida havo haroratini mo'tadillashtirishga va ekologik barqarorlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Infratuzilmaviy o'zgarishlar poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish va aholining dam olish sifatini oshirishni maqsad qilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0