Xiaomi Myunxen shahrida ilmiy-tadqiqot markazini ochdi
Xitoyning Xiaomi Auto kompaniyasi Germaniyaning Myunxen shahrida o'zining Yevropadagi ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini yo'lga qo'ydi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ushbu markaz brendning elektromobillar bozoridagi mavqeini mustahkamlash hamda 2027-yilga mo'ljallangan Yevropa bozoriga chiqish strategiyasini amalga oshirishda asosiy bo'g'in bo'lib xizmat qiladi. Bu haqda Ixbt.com nashri ma'lum qildi.
Hozirgi vaqtda yangi markazda 50 ga yaqin yuqori malakali mutaxassis ishlamoqda. Loyihaga ilgari BMW kompaniyasining poyga avtomobillari yo'nalishida faoliyat yuritgan Rudolf Dittrix rahbarlik qilmoqda.
Shuningdek, avtomobillarning dinamik xususiyatlarini shakllantirish jarayoniga BMWning yana bir tajribali vakili Klaus-Diter Groll mas'ul etib tayinlangan. Kompaniya bosh direktori Ley Szyun Pekin avtosalonida bergan bayonotiga ko'ra, markaz asosan yuqori unumdorlikka ega transport vositalari, premium dizayn va ilg'or texnologik yechimlar ustida ish olib boradi.
Muhandislar jamoasi tarkibiga BMW, Porsche, Lamborghini va Mercedes-Benz kabi nufuzli avtobrendlarda tajriba orttirgan mutaxassislar jalb etilgan. Yevropalik muhandislar ishtirokida ishlab chiqilgan debyut loyiha SU7 Ultra krossoverining yuqori quvvatli talqini bo'lishi kutilmoqda.
Mazkur elektromobil may oyi oxirida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. Xiaomi ushbu model yordamida yuqori texnologiyali va premium segmentdagi o'rnini mustahkamlashni maqsad qilgan.