Xiaomi may oyida yangi poyga avtomobilini sotuvga chiqaradi
Xiaomi kompaniyasi rahbari Ley Szin 2026 yil may oyi oxirida bozorga chiqishi kutilayotgan Xiaomi YU7 GT poyga avtomobilining dastlabki suratlarini taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ixbt.com nashrining yozishicha, mazkur elektromobil kompaniyaning Germaniyaning Myunxen shahridagi Yevropa ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan ilk loyiha hisoblanadi. Yangi modelni yaratish jarayoniga xalqaro miqyosdagi mutaxassislar va tajribali dizaynerlar jalb etilgan.
Xususan, loyihaga avvalroq BMW M4 GT3 poyga mashinasini ishlab chiqqan Rudolf Dittrix rahbarlik qilmoqda. Avtomobilning dinamik ko'rsatkichlarini sozlash ishlari esa BMW kompaniyasining yana bir sobiq xodimi Klaus-Diter Grollga ishonib topshirildi.
Groll bunga qadar Germaniya avtogigantining 3 va 4-seriyalari hamda X5, X6, X7 kabi taniqli modellari ustida ishlagan. Ley Szinning so'zlariga ko'ra, Xiaomi YU7 GT nemischa muhandislik an'analari asosida shakllantirilgan bo'lib, boshqaruvda eng sifatli Yevropa avtomobillari bilan raqobatlashishi ko'zda tutilgan.
Ma'lumot o'rnida, Xiaomi avtomobil sanoatiga kirib kelganiga besh yil to'ldi. So'nggi ikki yil ichida kompaniya SU7 va YU7 modellaridan jami 650 000 donadan ortiq mahsulotni xaridorlarga yetkazib berdi.